“FM WORLD” rusumli paxta terish mashinasi lizing asosida yetkazib berildi.

Joriy yilda Qorovulbozorlik dehqonlar mavjud 4 ming 460 gektar maydonda yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yigʻib-terib olish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlarini qizgʻin olib borishmoqda.
Qayd etish joizki, bu yil 2 ta klaster korxonasi hamda 171 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 13 ming 426 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Oʻz navbatida paxta hosilining salmoqli qismini texnika vositalari orqali yigʻishtirib olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda “Ark eko tekstil klaster” MCHJ tomonidan Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan qiymati 3 mlrd 200 mln soʻm boʻlgan “FM WORLD” rusumli paxta terish mashinasi “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining Buxoro viloyat filiali tomonidan lizing asosida xarid qilindi.
Mazkur terim mashinasi bir vaqtning oʻzida 4 qator paxtani terish imkoniyatiga ega. 76×90 sxemadagi paxtani ham qiyinchiliklarsiz tera oladi. Mashinada bir kunda 40 tonnagacha paxta terish imkoni mavjud. Bu qoʻl terimidagi 500 nafar kishining mehnatiga teng deganidir.
Eng muhimi, anʼanaviy terim mashinalaridan farqli ravishda paxtani toza teradi. Agrar sohaga keng targʻib qilinayotgan klaster tizimining ajralmas boʻlagi sifatida qaralayotgan bu terim mashinalarining viloyatga keltirilishi paxta terishda qoʻl mehnatidan voz kechish yoʻlida qoʻyilgan katta qadamlardan biri boʻldi.

Loading

//