Surxondaryolik paxtakorlar zafar quchdi!

Surxondaryo viloyati paxtakorlari joriy yilgi paxta topshirish bo‘yicha shartnomaviy rejasini mamlakatda birinchi bo‘lib ortig‘i bilan bajardi. Viloyatdagi paxta qabul shoxobchalariga 275 ming 600 tonnadan ortiq sifatli xom ashyo topshirildi.
Bu yutuqlarga erishishda Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilik sohasida xorijning ilg‘or tajribalarining joriy etilgani, paxtachilik-to‘qimachilik klasterlarining tashkil qilingani va butun jarayon — chigit ekishdan boshlab, hosil yig‘ib olishgacha nihollarga mehr bilan qaralishi muhim omil bo‘ldi. Shuningdek, sohaning dehqon va fermerlar uchun daromad manbaiga aylangani, viloyat mirishkorlarining natijalarni har yili yaxshilab borishiga qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Joriy yilda ob-havo noqulay kelgani va suv tanqisligiga qaramasdan, Surxondaryolik paxtakorlar o‘zlarining boy tajriba va fidokorona mehnati evaziga mo‘l hosil yetishtirishga erishdi. Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish maqsadida viloyatda 1 ming 277 ta terim otryadi tashkil etildi. Terilgan xom ashyoni paxta qabul shoxobchalariga tezkor yetkazib berish uchun 2 ming 10 ta traktor va 2 ming 965 ta tirkama safarbar etildi.
Mazkur jarayonlarda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining ko‘magi ham alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, Jamiyat tomonidan Surxondaryo viloyatiga 60 dona zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berildi. Bu texnikalar paxta yig‘im-terimini jadallashtirish, samaradorlikni oshirish hamda dehqon va fermerlarning mehnatini yengillashtirishga xizmat qildi.
Surxondaryolik paxtakorlarning ushbu yutuqlari — mehnatsevarlik, bilimli yondashuv va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘ldi.

Loading

//