“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati rahbarining soha xodimlari va aholiga MUROJAATI.
Hurmatli hamkasblar, qadrli fermer va tadbirkorlar, aziz yurtdoshlar!
Korrupsiya – iqtisodiy taraqqiyotga, adolatli raqobat muhitiga hamda jamiyat ishonchiga putur yetkazuvchi jiddiy tahdiddir. Ayniqsa, moliyaviy resurslar bilan bog‘liq sohalarda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiya jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiruvchi xavfli omil ekanini alohida ta’kidlab, 2026-yilni korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulodda holat” yili sifatida belgilash tashabbusini ilgari surdi.
Mazkur ustuvor vazifalardan kelib chiqib, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, lizing jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish va raqamlashtirish orqali inson omilini qisqartirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Jamiyatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali agrar tarmoq samaradorligini izchil oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Lizing mexanizmi asosida texnika va uskunalarni qulay shartlarda moliyalashtirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish Jamiyat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Shu bilan birga, lizing shartnomalarini rasmiylashtirish, moliyaviy hisob-kitoblarni yuritish, texnikalarni taqsimlash hamda to‘lov intizomini nazorat qilish jarayonlarida adolat, tenglik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy amal qilinmoqda. Barcha qarorlar aniq va shaffof mezonlar asosida qabul qilinishi, axborot ochiqligi to‘liq ta’minlanishi hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik – Jamiyatimizning prinsipial pozitsiyasi hisoblanadi.
Aziz yurtdoshlar!
Agar “O‘zagrolizing” AJ tizimida, shartnomalarni rasmiylashtirish, to‘lov jarayonlari yoki boshqa xizmatlar bilan bog‘liq korrupsiyaviy xatti-harakatlar, noqonuniy talablar yoki qonunbuzarlik holatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, quyidagi aloqa vositalari orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz:
Korrupsiyaga qarshi murojaatlar uchun maxsus sahifa: https://uzal.uz/korrupsiyaga-qarshi-kurashish/
Elektron pochta: anticor@uzal.uz
Telegram bot: @uzal_bot
Ishonch telefoni: (+99871) 207-30-55
Barcha murojaatlar maxfiyligi kafolatlanadi va har bir holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘riladi.
Ishonamanki, biz birgalikda ochiq, shaffof va korrupsiyadan xoli lizing tizimini shakllantirib, agrar sohada barqaror taraqqiyotga munosib hissa qo‘shamiz.
Hurmat bilan,
Azimjon Nasirdinov
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati
Boshqaruv raisi o‘rinbosari
![]()




