“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktyabrdagi 486-sonli Qarori asosida “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi nomi bilan tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 02-noyabrdagi 424-sonli qaroriga muvofiq Kompaniya faoliyati yanada kengaytirilgan hamda lizing loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida “Qishloq xo‘jaligini texnika bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil etilgan.
Shu bilan birga, mazkur qarorga asosan “Respublika qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasini lizingga olish tartibi” tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PF-4857-sonli Farmoniga muvofiq “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi nomi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PQ-2658-sonli qaroriga muvofiq esa “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati huquq va majburiyatlar bo‘yicha “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” ALK ning huquqiy vorisi etib belgilangan.
2022-yilning 1-yanvar holatiga Jamiyat ustav fondi 105,7 mlrd. so‘mni tashkil etadi, shundan 90,25 foizi davlat ulushi, qolgan 9,75 foizi esa 650 ta yuridik va jismoniy shaxslarga tegishlidir.
Jamiyatning asosiy faoliyat turi – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga lizing asosida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishdan iborat bo‘lib, respublika qishloq xo‘jaligiga yetkazib berilayotgan texnikalarning 75 foizi “O‘zagrolizing” AJ hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 
Jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy filiallari mavjud bo‘lib, lizing faoliyatini amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Bundan tashqari jamiyat tarkibida g‘alla kombaynlari va yuqori unumli traktorlar lizingiga ixtisoslashgan “Uzmashlizing” MChJ, lizingga berilgan texnikalarga servis xizmati ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan “Lizing texnika servis” MChJ, hamda lizing xizmatlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirishga ixtisoslashgan “Lizing axborot texnologiyalari” MChJlar faoliyat olib bormoqda.
Jamiyat tomonidan asosan mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xususan “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog”, “Urganchkormmash” aksiyadorlik jamiyatlari, “Uz Klaas Agro”, “Uz Keys Mash”, “Lemken Chirchiq”, “Agrixim” MChJ qo‘shma korxonalari texnikalarini lizing asosida yetkazib berishda hamkorlik qilib kelmoqda.
Jamiyat boshqaruv tizimida “ISO-9001:2015” xalqaro sifat menejmenti standarti joriy etilgan.

 577 umumiy ko'rishlar,  4 bugungi ko'rishlar