2022-yil 19-iyul kuni “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Buxoro viloyatida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida MA’LUMOT

   Joriy yilning 19-iyul sanasida Buxoro viloyatida “CNH Industrial” kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Rossiya, Turkiya, Oʻrta Osiyo va Pokiston mintaqalari Prezidenti Karlo Alberto Sisto hamda shu mintaqa boʻyicha biznes direktori Vinsent De Laccendan iborat delegatsiya qabul qilindi.

   Buxoro viloyat hokimi B.Zaripov,“Oʻzagrolizing” AJ Boshqaruv raisi N.S Otajonov hamda “Uz KeysServis” QK bosh direktori Z.Alimovlar ishtirokida “CNH Industrial” kompaniyasining zamonaviy ehtiyot qismlar omborxonasi va servis markazining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

  Mazkur hududiy omborxona va servis markazi 6 ta hududga, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlariga xizmat koʻrsatadi. Omborxona qurilishi uchun 4,6 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya kiritildi. Omborning umumiy maydoni 1152 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda alohida yuklash va tushirish joylari mavjud, qabul qilish va tarqatish tizimi elektron skanerlash uskunalari bilan amalga oshiriladi. Ehtiyot qismlarni kirim qilish, saqlash va joʻnatish uchun barcha zamonaviy ombor uskunalari bilan jihozlangan.

  Ehtiyot qismlarni viloyatlarga yetkazib berish uchun 5 ta ISUZU yuk avtomashinalari hamda viloyatlar hududlarida servis xizmatini tashkil etish uchun taʼmirlash uskunalari bilan jihozlangan 16 dona Folksvagen Keddi rusumli servis avtomashinalari taqdim etildi.

  Tadbirda yuqori unumli texnikalar uchun barcha turdagi ehtiyot qismlar hamda yangi texnikalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, avans toʻlovlarini amalga oshirgan fermer xoʻjaliklari rahbarlariga yuqori unumli texnikalar tantanali ravishda topshirildi.

  “CNH Industrial” kompaniyasi vakillari bilan birgalikda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro viloyati filialiga ham tashrif buyurilib, “UzKeysServis” QK bilan hamkorlikda tashkil etilgan zamonaviy oʻquv-amaliyot xonalar va servis maydonlari koʻzdan kechirildi.

  Tadbir davomida “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi N.S.Otajonov bilan “CNH Industrial” kompaniyasi vakillari oʻrtasida muzokaralar oʻtkazildi.

  Muzokaralar davomida respublikaga yetkazib beriladigan yuqori unumli texnikalar hajmini oshirish hamda fermer xoʻjaliklari va klasterlarga qulaylik yaratish masalalari muhokama etildi.

  Bunda alohida eʼtibor xorijiy moliya institutlari yoki yirik Yevropa banklaridan “Oʻzagrolizing” AJga toʻgʻridan-toʻgʻri kredit jalb etish masalasiga qaratildi.

 

“O‘zagrolizing” AJ Matbuot xizmati

Loading

//