2030-yil sari qat’iy qadam: “O‘zagrolizing”da ustuvor islohotlar mazmuni keng yoritildi.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida bugun muhim ma’rifiy va tahliliy ruhdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti professori, falsafa fanlari doktori, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Yusubov Jaloliddin Qadamovich ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
Tadbir davomida ma’ruzachi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning asosiy yo‘nalishlariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy sohada sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik tamoyillarini kuchaytirish masalalari chuqur tahlil qilindi.
Professor Yusubov o‘z nutqida islohotlarning izchilligi va samaradorligi, eng avvalo, ularni joylarda to‘g‘ri anglash va amaliyotga to‘liq joriy etilishiga bog‘liqligini alohida ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, “O‘zagrolizing” AJ tizimidagi mutaxassislar zimmasiga yuklatilgan vazifalar, xususan, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilanishlarni jadallashtirish orqali mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Ma’ruza davomida shuningdek, bugungi globallashuv sharoitida raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur tadbir xodimlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini yanada oshirish, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini chuqur anglash hamda ularni amaliy faoliyatda samarali qo‘llash borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
![]()




