Farg‘onada paxta terish mashinalari yig‘iladi.
Farg‘ona viloyatida Xitoyning “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. Ltd” kompaniyasi tomonidan paxta terish mashinalarini yig‘ish loyihasi ijrosiga kirishildi.
Sobiq mexanika zavodi hududiga joylashtirilgan mazkur loyiha doirasida texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun o‘quv kursi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi N.Otajonov o’z nutqlarida yig’ilganlarga xabar berdi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbarining paxta yig‘im-terimida qo‘l mehnatini kamaytirish, terimni mexanizatsiyalashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ushbu loyiha, paxta-to‘qimachilik klasterlariga zamonaviy hamda maqbul narxdagi paxta terim mashinalarini sotib olishga qulaylik yaratadi.
Gap shundaki, paxta terish mashinalarini 20 foizlik dastlabki to‘lov bilan 10 yil muddatga lizing asosida xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga 15 foizlik subsidiya berilishi ham ko‘zda tutilgan.