Surxondaryolik g‘allakorlar bu yil ham mamlakatimizda birinchi bo‘lib, tovar don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi.
Vohalik g‘allakorlar 2024-yil hosili uchun 89,3 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar g‘alla navlarini parvarishlab, bugun, 16-iyun holatiga don korxonalariga 210 ming 246 tonna sara tovar don sotib, shartnomaviy rejani 101,0 foizga bajardilar.
Jumladan, Sheroboddagi “Shoymon bobo” fermer xo‘jaligi 107,2 sentner, Qumqo‘rg‘ondagi “Elobod ziyosi” fermer xo‘jaligi 106,0 sentner, Angordagi “Umid shox Angor” fermer xo‘jaligi 101,2 sentner, Muzrabotdagi “Amirqul bobo KAA” fermer xo‘jaligi 100,3 sentner, Jarqo‘rg‘ondagi “Panji Umid Bunyod” fermer xo‘jaligi 100,2 sentner, Termiz tumanidagi “Qoraxon Yangiariq” fermer xo‘jaligi 101,0 sentnerdan hosil olib, vohamiz xirmoniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi.
G‘allakorlarimiz erishgan ushbu natija vohamizda qishloq xo‘jaligida joriy qilinayotgan iqtisodiy islohotlar, zamonaviy texnologiyalar hamda fermerlarning moddiy manfaatdorligi, yerga, mulkka egalik hissining oshganligining, klasterlar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilganligining samarasidir.
Joriy yilda voha g‘allakorlari gektarlar hosildorligini o‘rtacha 94 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 840 ming tonna sara don ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda.
Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda.
Manba