“Oʻzagrolizing” AJ Boshqaruv raisining Korrupsiya holatlarini oldini olish va bu borada tizimli kurashish yuzasidan yoʻllagan navbatdagi rasmiy BAYONOTI

Hurmatli hamkorlar, aksiyadorlar, jamoadoshlar va fuqarolar!
 Bugungi globallashuv va raqobatbardosh muhitda har qanday jamiyat taraqqiyoti, uning iqtisodiy salohiyati va xalq farovonligi davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi ochiqlik, ishonch va halollikka asoslangan hamkorlikka bogʻliq. Afsuski, korrupsiya bu tamoyillarga jiddiy putur yetkazadigan eng xavfli illatlardan biri boʻlib qolmoqda.
Korrupsiya nafaqat iqtisodiy resurslarning samarasiz sarflanishiga, balki jamiyatda adolatsizlik, ishonchsizlik va huquqiy meʼyorlarning buzilishiga sabab boʻladi. Bu esa barqaror rivojlanish, sogʻlom raqobat va fuqarolarning ijtimoiy faolligiga toʻsiq boʻladi.
Shu bois, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, uning tag-tomiri bilan bartaraf etishga qaratilgan qatʼiy islohotlar olib borilmoqda. Qonunchilikda nazarda tutilgan mexanizmlar, xalqaro standartlarga asoslangan yondashuvlar, fuqarolik jamiyatining bu boradagi faolligini oshirish, ayni yoʻnalishda muhim bosqichlardir.
“Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati ham, biz ushbu islohotlarga faol hissa qoʻshish, jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni mustahkamlash, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan boshqaruvni joriy etish yoʻlida izchil ishlamoqdamiz.
Jamiyatimizda:
− “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi” faoliyat yuritmoqda. Bu tuzilma nafaqat mavjud xatoliklar va xatarlarni aniqlash, balki ularning ildiziga qarshi kurashish, profilaktika va axloqiy madaniyatni oshirish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
− Barcha xarid jarayonlari, ishga qabul qilish, xizmatlar koʻrsatish va hisobotlar raqamlashtirilgan tizimlar orqali ochiq tarzda yuritiladi. Bu esa inson omilini kamaytirish va xatoliklar ehtimolini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shaffoflik va jamoatchilik nazoratini taʼminlash uchun ijtimoiy tarmoqlar, ishonch telefonlari, elektron pochta orqali murojaatlar qabul qilinmoqda. Har bir murojaat qonuniy tartibda koʻrib chiqiladi.
Bundan tashqari, biz jamiyatimiz xodimlari oʻrtasida halollik tamoyillarini targʻib qilish, huquqiy ong va madaniyatini oshirish maqsadida doimiy oʻquv mashgʻulotlari, davra suhbatlari va treninglar tashkil qilmoqdamiz. Bu esa jamiyatimizda sogʻlom mehnat muhiti va fidokorona xizmat madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek:
  • Lizing xizmatlarini raqamlashtirish;
  • Hududiy filiallarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • Xodimlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantiruvchi madaniy-axloqiy dasturlarni kengaytirish kabi tashabbuslarni rejalashtirmoqdamiz.
“Oʻzagrolizing” AJ korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat ichki tizimlar orqali, balki fuqarolar bilan ochiq muloqot va ishonchli hamkorlik asosida harakat qilish tarafdoridir. Har bir fuqaroni, hamkor va jamiyat xodimini bu ezgu yoʻlda birgalikda ishlashga, adolat va halollik tamoyillariga asoslangan muhitni yaratishga chaqiramiz.
Shuni yodda tutaylik: korrupsiyaga qarshi kurash – bu nafaqat qonuniy majburiyat, balki kelajak avlodlar oldidagi axloqiy masʼuliyatimizdir.
Hurmat bilan,
Nodir Sobirovich Otajonov
“Oʻzagrolizing” AJ Boshqaruv raisi

Loading

//