“O’zagrolizing” aksiyadorlk jamiyati va Fransiyaning Brifrence kompaniyasi o‘rtasida investitsion hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Kuni kecha “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida Jamiyat Boshqaruv raisi o’rinbosari A.Nasirdinov ishtirokida Fransiyaning ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi — Brifrence delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muzokaralar qishloq xo‘jaligi sohasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Fransiyadan olib kelinadigan texnologiyalarni moliyalashtirish va O‘zbekiston agrar sektoriga integratsiya qilish imkoniyatlariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda “O’zagrolizing” AJ rahbariyati mehmonlarga kompaniya faoliyati, fermer xo‘jaliklari va agrosanoat klasterlarini zamonaviy texnika bilan ta’minlash borasidagi yondashuvlari va eng asosiysi, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan moliyaviy sheriklik orqali texnologik modernizatsiyani jadallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Brifrence kompaniyasi delegatsiyasi esa o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi sohasiga mo‘ljallangan ilg‘or texnologiyalar, energiya va suv tejamkor texnikalar, jumladan, avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimlari, smart monitoring vositalari va raqamli boshqaruv yechimlari haqida gapirib o’tdi. Shuningdek, kompaniya vakillari ushbu texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish va ularni bosqichma-bosqich moliyalashtirish yuzasidan takliflar bildirdi.
Eng muhim jihati shundaki, muzokaralar davomida texnologiyalarni lizing asosida moliyalashtirish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Tomonlar “O’zagrolizing” AJ orqali fermer xo‘jaliklariga ushbu texnikalarni qulay shartlarda taqdim etish, moliyaviy mexanizmlarni soddalashtirish va uzoq muddatli sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Uchrashuv yakunida, tomonlar o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, yaqin kunlarda texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqish, shuningdek, qo‘shma ishchi guruh tuzish bo‘yicha qaror qabul qildilar.
Mazkur tashrif va muzokaralar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishida, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion va moliyaviy yechimlarning tatbiq etilishida muhim qadam bo‘ldi.

Loading

//