Mahalliy ustadan milliy traktor.
Andijon viloyati Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi mahalliy hunarmand va texnik ixtirochi Qosimov Ilxom o‘zining tashabbusi va mahorati bilan zamonaviy talablarga javob beradigan traktor yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Uning mazkur ishlanmasi qishloq xo‘jaligi sohasida kichik va o‘rta fermer xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, samaradorligi va tejamkorligi bilan ajralib turadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish va milliy texnikani rivojlantirish maqsadida Qosimov Ilxom tomonidan yaratilgan traktorni rasmiylashtirish, zarur sertifikat va ruxsatnomalarni olish, shuningdek, ushbu traktorni ommaviy ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan “O‘zagrolizing” AJ Boshqaruv raisi N.Otajonov bilan muhokamalar olib borildi.
Muzokaralar jarayonida ustaning ishlanmasiga yuqori qiziqish bildirilib, uning texnik xususiyatlari, mahalliy sharoitlarga mosligi hamda ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma va loyiha quvvatlari muhokama qilindi. Shuningdek, traktorni lizing asosida qishloq xo‘jaligi subyektlariga taqdim etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
N.Otajonov mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, “O‘zagrolizing” AJ tomonidan texnik va huquqiy jihatdan ko‘maklashish, ta’minot-yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish va mahalliy traktor ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko’rsatmalar berdi.
Mazkur tashabbus mahalliy imkoniyatlardan samarali foydalangan holda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va texnik innovatsiyalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.