Shofirkon tumanida uzoq yillik taraqqiyotga xizmat qiluvchi agroloyiha amalga oshirilmoqda.
Investitsiya — bu nafaqat moliyaviy koʻmak, balki zamonaviy texnologiya, yangi ish oʻrinlari va eng muhimi, xalq farovonligini taʼminlash yoʻlidagi ishonchli qadamlardir. Ayniqsa, soʻnggi yillarda yurtimizda xorijiy investorlar ishtirokida turli sohalarda tadbiq etilayotgan yirik loyihalar buning yaqqol dalilidir.
Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ham shunday istiqbolli loyiha va tashabbuslar, uzoq yillik taraqqiyotga xizmat qiluvchi agroloyihalar ham roʻyobga chiqarilayotgani katta ahamiyatga ega, albatta.
Xitoylik tadbirkor Liu Jengchun boshchiligidagi “Chun Chuan” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan teng manfaatli hamkorlik asosida choʻl massividan 2 211 gektar yer maydoni obod qilinib, moʻl hosil, baraka va bandlik maqsadlarida ekishga tayyorlanmoqda.
Xitoylik investorlar tomonidan olib kirilgan agrotexnika vositalari, tomchilab sugʻorish tizimlari, plyonka usuli va serhosil urugʻlar — bularning bari zamonaviy qishloq xoʻjaligining muhim qismlaridir. Xitoylik mutaxassislar tomonidan dastlabki bosqichda 200 gektar yaylov yer maydoni tayyorlanib, chigit ekish ishlari boshlab yuborildi. Endilikda bu yer qarovsizligicha qolmaydi, balki har bir gektar maydon mahalliy iqtisodiyotga millionlab foyda keltiradi.
Mazkur loyiha umumiy qiymati 18 million AQSH dollariga baholangan boʻlib, 2025-yil yakuniga qadar kamida 7 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi. Muhimi, bu saʼy-harakat doirasida 60 nafargacha mahalliy aholi vakili uchun doimiy ish oʻrni yaratiladi. Bu nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki ijtimoiy barqarorlik hamdir.