Xorazmlik dehqonlar don rejasini muvaffaqiyatli bajardi!

Xorazm viloyati g‘allakorlari mamlakatda birinchi bo‘lib davlat ehtiyojlari uchun tovar don topshirish bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajardi.
Ta’kidlash joizki, viloyat bo‘yicha tuzilgan shartnoma reja 99,5 ming tonnani tashkil etgan. Ushbu reja ijrosi uchun viloyatdagi g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan 33 ming 200 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan edi.
Hosildorlikning yuqori bo‘lishiga baraka urug‘larining unib chiqishidan tortib, pishib yetilguniga qadar barcha agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, zararkunandalar hamda begona o‘tlarga qarshi profilaktik ishlovlar muntazam olib borilgani, shuningdek, sohaga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilgani asosiy omil bo‘ldi.
Xorazmlik mirishkor dehqonlar amalda 106,6 ming tonna hosil yig‘ib olib, belgilangan rejani 107,1 foizga bajardilar. Ayniqsa, Yangibozor, Xonqa, Gurlan, Tuproqqal’a, Xazorasp, Xiva va Yangiariq tumanlari dehqonlarining bu boradagi hissasi katta bo‘ldi.
Ayni paytda Xorazm viloyati dalalarida hosil mo‘l-ko‘l. Don yig‘im ishlari hali ham davom etmoqda — hali o‘rib olinmagan maydonlarda o‘rim-yig‘im ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Xirmoningiz donga to‘lsin, aziz bobodehqonlar!

Loading

//