Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash bo‘yicha muhim tavsiyalar.

O‘zgidromet markazining xabarlariga ko‘ra, ayni kunlarda respublikamizda o‘rtacha me’yordan 8-10°C yuqori darajada, ya’ni 41-43°C gacha issiq bo‘lishi kutilmoqda. Bunday ob-havo sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shunday ekan, jazirama issiqning stressli ta’sirini yumshatish uchun agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda o‘tkazish zarur.

Jumladan, fermerlar va dehqonlarga daladagi ishlarni ertalab soat 10:00 gacha bajarish, soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan issiq vaqt oralig‘ida esa ishlarni to‘xtatish, dala sharoitida ishlayotganlar uchun quyoshda qolgan plastik idishlardagi suvdan foydalanmaslik, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.

Paxtachilikda:
G‘o‘zani jazirama issiq va suv tanqisligiga chidamliligini oshirish uchun biostimulyatorlar, suspenziyalar, ammiakli selitra bilan oziqlantirish, tomchilatib sug‘orish, va qator oralariga mahalliy o‘g‘itlar bilan mulchalash tavsiya etiladi. Biostimulyatorlar va suyuq o‘g‘itlar (bor, molibden, rux, mis, temir, marganes, kobalt, azot, fosfor) bilan bargdan oziqlantirish, shuningdek, zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlar qo‘llash zarur.
Dala chetidagi ariq, zovur, tut daraxtlari atroflari begona o‘tlardan tozalanib, 2-3% ISO qaynatmasi bilan ishlov berilishi kerak. Suv sepish mashinalari yordamida dala atrofida mikroiqlim yaratish hamda zararli hasharotlarning ko‘chishini oldini olish muhim.
Egatlab sug‘oriladigan maydonlarda o‘g‘itlar 2-4 chinbarg holatida 50 kg/ga azotli, shonalash davrida esa 75 kg/ga azotli va 50 kg/ga kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya qilinadi. Tunda sug‘orish, tuproq namligini saqlash va suvning behuda bug‘lanishini kamaytirishga yordam beradi. Intensiv texnologiyada parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish 3-4 soat davomida 100-120 m³/ga miqdorida tez-tez amalga oshirilishi kerak.
G‘allachilikda:
Markaziy va shimoliy hududlarda g‘allaning o‘rtapishar va kechpishar navlarini ekilgan maydonlarni tunda sharbat usulida sug‘orish tavsiya etiladi. Tog‘ va tog‘ oldi hududlarida esa, havo harorati 30°C dan oshmagan paytlarda, ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun 17:00 dan keyin biostimulyatorlar orqali bargdan suspenziya usulida oziqlantirish zarur.

Loading

//