Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida don topshirish rejasi ortig‘i bilan bajarildi.

Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari g‘allakorlari davlat ehtiyojlari uchun tovar don yetkazib berish bo‘yicha shartnomaviy reja ko‘rsatkichlarini muvaffaqiyatli bajardilar.
Surxondaryo viloyatida belgilangan 266 ming tonnalik reja o‘rniga 267,3 ming tonna don topshirilib, rejani 100,5 foizga bajarishga erishildi. Sirdaryo viloyatida esa 205 ming tonna o‘rniga 207,2 ming tonna don yetkazilib, reja 101,1 foizga bajarildi.
Mazkur yutuqqa erishishda Qumqo‘rg‘on (115,5%), Sho‘rchi, Uzun, Termiz, Denov, Guliston, Sardoba, Mirzaobod (109% dan ortiq), shuningdek, Bandixon, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Sariosiyo va Oqoltin tumanlari (103–106%) g‘allakorlarining mehnati alohida e’tirofga loyiq.
Yuqori hosildorlikka erishishda kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlashda agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani, kasallik va zararkunandalarga qarshi tizimli profilaktik ishlovlar muhim ahamiyat kasb etdi.
2025-yil hosili uchun Surxondaryo viloyatida 89,3 ming gektar, Sirdaryo viloyatida esa 73 ming gektar maydonga kuzgi don ekinlari ekilgan bo‘lib, hozirda ayrim maydonlarda o‘rim-yig‘im ishlari jadal davom etmoqda.
Hosilingiz barakali bo‘lsin, mohir dehqonlar!

Loading

//