Amaliyot – kelajak poydevori: talabalar chigit ekish jarayonida amaliy tajriba orttirmoqda.
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti Agroinjeneriya va gidromelioratsiya fakulteti “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun ishlab chiqarish malakaviy amaliyoti tashkil etildi. Amaliyot, Andijon tumani “Patiddinov” massivi hududidagi fermer xo‘jaliklari dalalarida o‘tkazilib, talabalar chigit ekish jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar.
Mazkur amaliyot agrar sohada olib borilayotgan islohotlar doirasida talabalarni zamonaviy texnika va ilg‘or agrotexnologiyalar asosida tayyorlashga xizmat qilmoqda. Amaliyot davomida talabalar yer tayyorlash, ekish agregatlarini sozlash, ekish me’yorlarini belgilash, urug‘ sarfini nazorat qilish hamda ekish sifatini baholash kabi jarayonlarni amaliy jihatdan puxta o‘zlashtirdilar.
Shuningdek, ular zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Dala sharoitida ishlarni texnik xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etish, resurslardan oqilona foydalanish hamda agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish bo‘yicha ham muhim tajriba orttirildi. Ushbu amaliyot talabalar nazariy bilimlarini mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni kelgusidagi mehnat faoliyatiga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, institutning boshqa qishloq xo‘jaligi ta’lim yo‘nalishlari talabalari ham o‘z mutaxassisliklari doirasida turli qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilotlarida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tamoqdalar.
![]()




