“Doganlar Agriculture” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari muhkoma qilindi.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati hamda Turkiyaning “Doganlar Agriculture” kompaniyasi o‘rtasida istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar yuqori darajada tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-yanvar kuni Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan oliy darajadagi tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan muloqotlarning mantiqiy davomi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Muzokaralar natijasida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muhim kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, Turkiyaning “Doganlar” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar yakunida mazkur kompaniya tomonidan O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbus mamlakatimizda zamonaviy, samaradorligi yuqori bo‘lgan texnikalarni ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini oshirish hamda agrar sohada texnik ta’minotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov ishtirok etib, hamkorlikning amaliy jihatlari, xususan, lizing mexanizmlari orqali zamonaviy texnikalarni yetkazib berish, servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan muhim takliflarni ilgari surdi.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati ushbu jarayonlarda asosiy hamkor sifatida ishtirok etib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash, lizing xizmatlarini yanada kengaytirish hamda sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim o‘rin tutmoqda. Jamiyat tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar xorijiy hamkorlar bilan samarali aloqalarni mustahkamlash va real investitsion loyihalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, innovatsion yechimlarni keng joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining barqaror o‘sishini ta’minlash yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
![]()




