“Yangi agronom” tizimi: ilm va amaliyot uyg‘unligi dalada o‘z ifodasini topmoqda.
Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan joriy etilgan “Yangi agronom” tizimi agrar ta’limda yangi bosqichni boshlab bermoqda. Ushbu yondashuv orqali talabalar nazariy bilimlarini bevosita dala sharoitida amaliy tajriba bilan boyitish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Tizim doirasida universitet ishchi guruhi va talabalar Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida joylashgan “Innovatsiya va texnologiyalarni joriy etish” MCHJ hamda “Xiloliddin” fermer xo‘jaligida bo‘lib, chigit ekishning zamonaviy agrotexnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida talabalar “Shinjon” usuli asosida, 76×10 sxema bo‘yicha chigitni plyonka ostiga qo‘shqatorlab ekish jarayonida faol ishtirok etdilar. Jarayonda zamonaviy seyalkalardan foydalanilgani ekish samaradorligini yanada oshirdi.
Mazkur texnologiya tuproqdagi namlikni saqlab qolish, optimal harorat rejimini ta’minlash hamda begona o‘tlar sonini kamaytirish orqali yuqori hosildorlikka erishishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ekish jarayonining tomchilatib sug‘orish tizimi bilan integratsiya qilingani suv resurslaridan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish imkonini bermoqda.
Umuman olganda, “Yangi agronom” tizimi talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, ularni zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotda qo‘llay oladigan malakali mutaxassislar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.
![]()




