May oyida g‘alla maydonlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnika tadbirlar.
Joriy yil bahor faslining murakkab kechishi, yog‘ingarchilikning ko‘pligi natijasida tuproq va havo namligi ortib, g‘alla ekinlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa turli zararkunanda hasharotlar hamda sariq zang, qo‘ng‘ir zang, septorioz, un shudring kabi kasalliklarning keng tarqalishiga qulay sharoit yaratmoqda. Mazkur omillar g‘alla rivoji va hosildorligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Ayniqsa, sariq zang kasalligi kuchli zararlaganda hosil 50–60 foizgacha kamayishi mumkin. Shu bois joriy ob-havo sharoitida mo‘l va sifatli hosil yetishtirish uchun may oyida amalga oshiriladigan agrotexnika tadbirlariga alohida mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
May oyida kuzgi g‘allaning asosiy rivojlanish bosqichlari — boshoqlash, gullash hamda sut-mum pishish davri kuzatiladi. Ushbu fazalarni inobatga olgan holda barcha agrotexnika tadbirlarini aniq reja va jadval asosida tashkil etish zarur.
G‘allaning boshoqlash, gullash, don shakllanishi va don to‘lishi davrlarida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, kech ekilgan yoki rivoji sust maydonlarga qo‘shimcha ravishda gektariga 100–150 kg miqdorda azotli o‘g‘itlar berish tavsiya etiladi. Shu bilan birga, may oyida don sifatini oshirish maqsadida mineral o‘g‘itlarga nisbatan biologik azotli o‘g‘itlardan foydalanish samaraliroq hisoblanadi. Xususan, “Baktomin” biologik o‘g‘iti gektariga 2 litr hisobida purkash orqali qo‘llaniladi.
Zamburug‘li kasalliklar bilan zararlangan maydonlarda o‘simliklarning fiziologik va biokimyoviy jarayonlari susayadi, natijada ularning tashqi muhitning noqulay omillariga chidamliligi pasayadi. Bu esa hosildorlik va don sifatining keskin kamayishiga olib keladi. Shu sababli kasallik aniqlangan maydonlarga zudlik bilan ishlov berish zarur.
Sariq zang kasalligiga qarshi kurashishda avvalo zararlanish darajasini aniqlash muhim. Ishlov berish eng ko‘p zararlangan maydonlardan boshlanib, fungitsidlar belgilangan me’yorga nisbatan 20–30 ml/ga ko‘proq qo‘llanilishi maqsadga muvofiq. Bunda kimyoviy vositalarga qaraganda biologik fungitsidlar samaraliroq hisoblanadi. Masalan, “Sporagin” biofungitsidi gektariga 2–3 litr hisobida qo‘llanganda uzoq muddatli himoya ta’minlaydi.
Kasallikka qarshi ishlov berilgan maydonlarda 10–12 kundan so‘ng, zararlanish darajasidan kelib chiqib, qayta ishlov o‘tkazilishi lozim. Belgilangan jadvalga amal qilinmasa va ishlov boshqa maydonlarga ko‘chirilsa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.
G‘alla maydonlariga ishlov berishda shtangali purkagichlardan foydalanish tavsiya etiladi. Agar bu imkoniyat mavjud bo‘lmasa, OVX moslamalarida purkagich burchagini pasaytirib, eritmaning barglarning pastki qismigacha yetib borishini ta’minlash zarur. Chunki biofungitsidlar faqat o‘simlik yuzasidagi kasallik sporalariga bevosita ta’sir etgandagina samarali natija beradi.
Shuningdek, zararli xasva, shilliqqurt, poya arrakashi, g‘alla tripsi hamda g‘alla shirasi kabi zararkunandalarga qarshi kurashishda quyidagi insektitsidlar samarali hisoblanadi: “Alfatsid” (0,15 l/ga), “Bestseller” (0,1–0,15 l/ga), “Dalate Plyus” (0,07 l/ga), “Detsis” (0,25 l/ga), “Detsiban” (0,25 l/ga), “Bagira”, “Atilla” (0,2 l/ga). Ushbu preparatlar 200–300 litr ishchi eritma hisobida qo‘llaniladi.
Bug‘doy boshoqlashdan pishish davrigacha o‘z rang va shaklini deyarli o‘zgartirmaydi. Pishib yetilgandan keyin nav tozalash ishlari olib borilganda esa faqat tur xilligi (qiltig‘li yoki qiltig‘siz) bo‘yicha ajratish mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda boshoqlarning sinishi va donning to‘kilishi ehtimoli ortib, hosilning kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
![]()




