Ilm va zamonaviy texnologiyalar agrar sohada muhim samara bermoqda
Farg‘onalik dehqonlar qishloq xo‘jaligida katta tajribaga ega. Bugungi kunda sohaga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani tufayli paxta, g‘alla hamda boshqa mahsulotlardan yuqori hosil olinmoqda.
Kuni kecha viloyatning Uchko‘prik tumanidagi “T.M.M. Maxsitali Mamadaliyevich” fermer xo‘jaligida g‘o‘za maydonlarida defoliatsiya tadbirlarini amalga oshirish, paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlik ko‘rish hamda 2026-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish masalalariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat Jamoatchilik nazorati kengashi a’zolari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, “O’zagrolizing” AJning viloyat filial rahbarlari, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limlari mas’ullari, fermerlar hamda sohaga daxldor idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Seminar doirasida paxta mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, boshoqli don ekinlari ekish ishlarini tizimli tashkil etish kabi masalalar muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi. Dastlab ishtirokchilar fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan g‘o‘za defoliatsiya ishlari bilan tanishdilar. Viloyatimizda defoliatsiya ishlarini samarali tashkil etish uchun 126 ta otryad tuzilganligi, 25-avgustdan dori sepish ishlarini boshlash, ayniqsa, paxta terim mashinalari teradigan maydonlarni sifatli defoliatsiya qilishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi mutaxassislar tomonidan tushuntirildi.
Bu yil ilk marotaba viloyatdagi 60 foiz asosiy paxta maydonidagi hosil terim mashinalarida terib olinadi. O‘tgan yilda 60 ta paxta terim mashinasi mavsumda ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda 144 ta Farg‘onada ishlab chiqarilgan “Swan Cotton” zamonaviy mashinalari olindi. Bu esa hosilning asosiy qismini mashinalarda terib olish imkonini beradi. — Prezidentimiz boshlab bergan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Xitoy, Turkiya va Ispaniya tajribalaridan unumli foydalanilmoqda. Tizim yangilanmoqda, daromad ko‘paymoqda. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalar va dronlardan foydalanish orqali inson omili keskin kamaymoqda. Viloyatda paxtani to‘liq terim mashinalarida yig‘ishtirib olishni asosiy maqsad qilganimiz ham shu ishlarning amaliy natijasidir, — dedi viloyat hokimi.
Qo‘l mehnati orqali yig‘ib olinishi kerak bo‘lgan qolgan maydonlarda otryadlar tashkil etilib, ular fermerlar bilan shartnoma asosida ish olib borishi belgilandi. Terim jarayonini fermerning o‘zi boshqarishi va tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi. Mavsumda Uchko‘prik tumanida foydalanish uchun Jamiyat tomonidan lizingga yetkazilgan 12 ta zamonaviy paxta terish mashinalari kalitlari o‘z egalariga topshirildi.
2026-yil hosili uchun viloyatda 88 ming 265 gektar maydonga g‘alla ekish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Nuroniylarning duolari bilan boshoqli don ekinlarini ekish jarayonlari boshlab berildi.






