Uychi tumani – ikkinchi bo‘lib g‘alabaga erishdi.

Namangan viloyatining Uychi tumanida faoliyat yuritayotgan “Saylixon Javohir Orzulari” fermer xo‘jaligi jamoasi yurtimizdagi paxta terimi mavsumida yuqori natijalarga erishib, tuman miqyosida ikkinchi bo‘lib g‘alaba manziliga yetib keldi.
Fermer xo‘jaligi rahbari Olimjon Mirzomadinov boshchiligida 30 gektar maydonda Xitoyning “Shinjon” texnologiyasi asosida zamonaviy agrotexnik uslublar joriy etildi. Paxta ekini qo‘sh qatorlab, plyonka ostiga ekilib, barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi.
Muhim jihati shundaki, paxta terimi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy paxta terish mashinalari yordamida tashkil etildi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Namangan viloyatiga jami 60 ta paxta terish mashinasi “O‘zagrolizing” AJ tomonidan yetkazib berilgan bo‘lib, bu viloyatdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida samarali qo‘llanilmoqda.
Xususan, “Saylixon Javohir Orzulari” fermer xo‘jaligi jamoasi 157,5 tonna o‘rniga 158 tonna paxta xirmonlarga topshirdi. Bu yuksak natijaga erishishda paxta terish mashinasi operatorlari Diyorbek G‘ulomjonov va Jasurbek Yunusxonovlar kuniga o‘rtacha 25-30 tonnadan hosil terib, fidokorona mehnatlari bilan g‘alabaga munosib hissa qo‘shdilar.
Fermer xo‘jaligi hozirda hosildorlik ko‘rsatkichini har gektar uchun 53 sentnerdan 55 sentnergacha oshirish bo‘yicha izchil ishlamoqda.
Zamonaviy texnologiyalar, mexanizatsiyalashgan mehnat jarayonlari va samarali boshqaruv — bularning barchasi fermer xo‘jaligi muvaffaqiyatining asosiy omillaridandir. “O‘zagrolizing” AJ tomonidan yetkazilgan texnikalar esa bu jarayonda ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Loading

//