Eron Islom Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan muzokara o’tkazildi.

Kuni kecha “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv raisi Nodir Otajonov Eron Islom Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan muzokara o’tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar O’zbekistonda qishloq xo’jaligini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, O’zbekiston va Eron o’rtasida ikki tomonlama hamkorlik doirasida bo’layotgan o’zgarishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Boshqaruv raisi N.Otajonov va Eron Islom Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi M.Iskandariy o’zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini yuqori baholab, ushbu yo’nalishda qator masalalarni muhokama qildilar.
Xususan, ikki mamlakatning iqlim sharoitlarining o’xshashligini inobatga olib, eronning sho’rlanishga va qurg’oqchilikka qarshi kurashish borasidagi tajribasini o’rganish va ushbu sohadagi yutuqlarni O’zbekiston hududida qo’llash bo’yicha keng ko’lamli ishlarni amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
O’z navbatida, paxtachilik yo’nalishida aloqalarni rivojlantirish, tuproq sho’rlanishi sharoitida texnik o’simliklarni yetishtirish borasida qo’shma ilmiy tadqiqotlarni yo’lga qo’yish masalasi muhokama etildi.
Uchrashuv so’nggida tomonlar kelishuvlarni amalga oshirish bo’yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Loading

//