Urug‘larni ekish oldidan tayyorlashning texnologik jarayonlari.

Urug‘larni ekish oldidan tayyorlashning texnologik jarayonlari yuqori hosil olishda muhim o‘rin tutadi va yetishtiriladigan ekinlarning sifatiga taʼsir qiladi.
Bundan tashqari, urug‘lar tarkibida organik moddalar (oqsil, yog‘, uglevod, kraxmal va boshqalar) mavjud bo‘lib, ular turli zararkunandalar va kasalliklarni o‘ziga tortadi. Shuning uchun ekish oldidan urug‘ni sifatli tayyorlash va qayta ishlash katta ahamiyatga ega.
Urug‘lar bevosita ekish oldidan darhol 15–20 daqiqa davomida kaliy permanganat (margansovka)ning 0,5–1,0 foizli eritmasida ivitiladi, keyin toza suv bilan yuviladi.
Bodring va pomidor urug‘larini 24 soat davomida natriy gumatning 0,005 foizli eritmasida namlash mumkin. Mikroelementlar eritmasida namlash o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini jadallashtiradi.
Urug‘larni ekish, ekilgan maydonning katta-kichikligiga qarab, qo‘lda yoki seyalkalar yordamida amalga oshiriladi. Urug‘lar tarqoq yoki qatorlarga ekilishi mumkin. Qatorlarga ekishda tuproq tekislanadi va biroz zichlanadi, 1–1,5 sm chuqurlikda egatlar olinadi. Urug‘lar bir-biridan 0,5–1 sm masofada egatlarga joylashtiriladi, so‘ngra ular elakdan o‘tkazilgan vermokulit va boshqa oziq moddalar aralashmasidan iborat ozuqa aralashmasi bilan 0,5–1 sm qalinlikda qoplanadi.
Yopiq tuproqda ko‘chat qilish uchun urug‘larni ekish muddati uni ochiq tuproqqa o‘tkazish vaqtiga, unib chiqish muddatiga va foydalanilgan konstruksiyalarning turiga qarab belgilanadi. Plyonkali issiqxonalarda yetishtirish muddati qisqaroq bo‘lgani sababli, ularda urug‘larni ekish ishlari shishali issiqxonalar va parniklarga qaraganda 10-12 kun keyin boshlanadi. Urug‘larni ekish meʼyori ularning hajmiga, o‘simliklarni oziqlantirish maydoniga va ko‘chatlarni yetishtirish usullariga bog‘liq.

Loading

//