Bog‘lar parvarishi.

Respublikamizda har yili minglab gektarlarda yangi bog‘lar barpo etilmoqda. Iyun oyida asosiy e’tibor ushbu bog‘larda parvarish ishlari, ekilgan ko‘chatlarning bexato ko‘karishi, ildiz olishiga, yaxshi o‘sib rivojlanishiga qaratilishi kerak. Har sug‘orishdan keyin egatlar va daraxt atrofidagi tuproq yumshatiladi.
Yangi tashkil etilgan bog‘ va tokzorlardan ular hosilga kirguniga qadar qator oralariga sabzavot, poliz hamda kartoshka o‘simliklarini ekib, ulardan maʼlum miqdorda qo‘shimcha daromad olishga erishiladi. Yangi bog‘-tokzorlar tashkil qilish uchun sarf bo‘lgan mablag‘ bog‘-tokzorlarning hosil berishigacha kutib o‘tirmasdan 2-3 yil davomida ekilgan sabzavot, poliz va kartoshkadan olingan daromad bilan qoplanishiga erishiladi.
Bog‘larda olma, nok, behi, olxo‘ri meva qurti hamda nok shira burgasiga qarshi iyun oyining boshida 10-15 kun oralatib kimyoviy ishlov beriladi. Ushbu tadbir hosilli bog‘larda mevaxo‘r qurtlarning 2 nasliga qarshi bo‘lib olmalar gullab bo‘lgandan so‘ng 40-45 kun o‘tgach bajariladi.
Erta pishar olma va nok navlariga kimyoviy preparatlar bilan ishlov berilmaydi. Hosilli bog‘larda mevalarning ko‘p va sifatli bo‘lishi hamda erta bahorda ushbu bog‘lar yetarli miqdorda oziqlantirilmagan bo‘lsa, unda bog‘larga mineral o‘g‘itlardan sof holda azotli 50-60 kg, fosforli 65-70 kg hamda 40 kg hisobida kaliyli o‘g‘itlar solib, ketidan sug‘oriladi.

Loading

//