Soha rivojida yangi ishlab chiqarish jarayonlarining o‘rni muhim.

Bugun agrar sohaga kirib kelayotgan innovatsiya, ilg‘or smart texnologiyalar, lizing sohasi mas’ullarining oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, agrar sohada olib borilayotgan izlanishlarning natijadorligi hamda ishlab chiqarishdagi yangiliklarning tatbiq etilishi bilan tanishish bugun kechiktirib bo’lmas vazifalardan biriga aylanmoqda.
Shu sababli, Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidagi “Pegas agro” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan texnikalar bilan tanishish maqsadida “O‘zagrolizing” AJ boshqaruvi raisi N.Otajonov boshchiligidagi ishchi guruh joriy yilning 3-5-iyul kunlari Samara viloyatida xizmat safarida bo‘ldi.
Xizmat safari davomida kompaniyaning ishlab chiqarish jarayonlari, texnikalarning bevosita dala sharoitlarida ishlash imkoniyatlari bilan tanishilib, u yerdagi mavjud dastgohlar va asbob-uskunalar hamda texnikalarni tayyor holatga keltirishgacha bo‘lgan barcha texnologik jarayonlar o’rganildi.
Shundan so‘ng korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Tuman” rusumidagi o‘ziyurar shtangali purkagichlar, mineral o‘g‘it sepkichlar va ventilyatorli purkagichlarni dala sharoitlarida ishlashi namoyish etildi.
Ishchi guruh a’zolari ushbu texnikalarning ish jarayonlari bilan yaqindan tanishish bilan bir qatorda, ushbu o‘ziyurar shtangali purkagichlarni o‘zlari ham boshqarib ko‘rdilar.
O’rganishlar yakunida O‘zbekistonning dala sharoitlarida shtangali purkagichlarni bevosita paxtani defoliatsiya qilish jarayonlarida sinab ko‘rish uchun yurtimizga yuborish hamda “Pegas agro” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan shtangali, ventilyatorli purkagichlarni hamda mineral o‘g‘it sepuvchi o‘ziyurar texnikalarni eng maqbul narxlarda taklif etish taklifi ilgari surildi.

Loading

//