Boshoqli don ekinlari somonlarini yoqib yuborilsa tuproq unumdorligi pasayadimi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, somonlari yoqib yuborilgan maydonlarda tuproqning ustki haydalma qatlamida gumus miqdori o‘rtacha 12, azot – 15, nitrifikatsiya jarayonlari faolligi – 85 va mikroorganizmlarning umumiy miqdori esa 33% gacha kamayadi.
Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarning ustki 5 sm qatlamining har bir grammida 1,5-2,0% gumus, 1 880 tadan 3,0 milliongacha mikroorganizmlar mavjud bo‘lib, somonlar yoqib yuborilgan maydonlarda ular halok bo‘ladi va butunlay yo‘qolib ketadi.
Tuproqdagi gumus moddalari o‘simliklarni normal o‘sishi va mikroorganizmlarning rivojlanishi uchun tuproq sharoitlarini boshqarish asosini tashkil etuvchi fizik-kimyoviy xossalarini shakllantirish va boshqarish qobiliyatiga ega. Gumusning yonib ketishi tuproq biotalarining halok bo‘lishga olib keladi.
Gumusning kuyib ketishi tuproq unumdorligini keskin pasayishiga olib kelsa, tuproq biotlarining halok bo‘lishi – tuproq biodinamikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Somonlarni yoqib yuborish tuproqni o‘zida azot to‘plash qobiliyatini keskin pasaytiradi.
Somonlarni yoqib yuborish tufayli tuproq strukturasining buzilishi qator “Zanjirli reaksiyalar”ni sodir etib, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi ekologik sharoitlarini yomonlashtiradi, eroziya jarayonlarini tezlashtiradi, tuproqning ustki qatlami unumdorligining yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Somonlari yoqib yuborilgan va yoqilmagan dalalar tuproqlaridagi ozuqa elementlarining miqdorini aniqlash kimyoviy tahlillar ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, yer yuzasida yotgan kesakchalardan somonlari yoqib yuborilgan sharoitda to‘q tusli bo‘z tuproqlardan gumusning yo‘qotilishi 2,3-14,9%, tipik bo‘z tuproqlarda esa 0,6-10,6% oralig‘ida kuzatildi.
1 gektar maydondagi boshoqli don ekinlari poyasi, somon va uning qoldiqlarining yoqib yuborilishi oqibatida atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg. kul, 20 kg. is gazi kabi zararli moddalar tarqalib, tuproq strukturasi buziladi, eroziya holati kuchayadi va natijada hosildorlik kamayadi.
Shunday qilib somonlarning yoqilishi tuproq unumdorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan tuproqning nitrifikatsiyalanish qobiliyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu holat o‘z navbatida tuproq zaharlanishini kuchaytiradi.