Chilpish – mo‘l va sifatli hosil garovi.
Chilpish qo‘lda o‘tkazilganda o‘simlikning o‘suv nuqtasi hamda yon tomondan o‘suv nuqtasi mavjud bo‘lgan yonshoxining 1-2 sm qismini tirnoq uchida (chimdib) yulib olinadi va yulinib olingan o‘suv nuqtalarini fartuklarga solib daladan chiqarib, yerga ko‘mib tashlash talab etiladi.
Chunki, ko‘sak qurtining kapalaklari aynan g‘o‘zaning yumshoq joyiga, ya’ni o‘suv nuqtasiga o‘z tuxumlarini qo‘yib ko‘payish jarayonida bo‘ladi.
Bu ko‘sak qurti 4-avlodining rivojlanish davri bo‘lib, aynan g‘o‘zaga kuchli zarar yetkazadigan davr hisoblanadi. Qo‘lda chilpish o‘tkazilganda o‘simlikning tepa qismida shakllanib kelayotgan hosil elementlarining yulib tashlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Shu bilan birga, o‘simlikning 5-10 sm gacha qismi yulib tashlansa, o‘simlikning zarar yetkazilgan qismi, ya’ni yulib olingan joyi qayta tiklanishi jarayoni (regeneratsiya davri) uzayib ketadi.
Ma’lumki, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida g‘o‘zada mexanik usulda chilpish o‘tkazilib kelinmoqda. Mexanik usulda chilpish o‘tkazilganda chilpish moslamasini kultivator oldiga o‘rnatgan holda g‘o‘za qator oralariga ishlov berish bilan birga amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bunda ChVX-4 moslamalaridan foydalangan holda birinchi chilpishda moslama pichoqlari g‘o‘za tuplarining o‘rtacha balandligi (80-100 sm)ga o‘rnatiladi va o‘simliklarning tepa qismlari qirqiladi.
Oradan 7-10 kun o‘tgandan so‘ng qolgan g‘o‘zalar o‘sib yetilganda ikkinchi marta qayta chilpish o‘tkaziladi. Bunda pichoqlarni oldingisidan 3-5 sm balandroq (85-105 sm) qilib o‘rnatish tavsiya etiladi.
Mexanik usulda chilpish o‘tkazilganda imkon qadar g‘o‘zaning tepa qismi chuqur kesilib, tepadagi 2-3 shona va gullarning kesilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.