“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”
Kuni kecha, “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayrami munosabati bilan, “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir
bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Jamiyat Boshqaruv raisi N.Otajonov, Markaziy apparat hamda hududiy filiallar xodimlari ishtirok etishdi.
Unda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, jurnalist, Ahmadjon Meliboyev hamda Filologiya fanlari nomzodi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Rajabov Dilshod Esanovichning ma’ruzalari tinglandi.
Aytish kerak, jamiyatning qo‘sh qanoti, ruhiy quvvati ma’naviyat va ma’rifatdir. Uning omma ongiga singdirilishi katta kuch va ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘zining ma’naviy salohiyati jihatidan jahon hamjamiyatining bir bo‘lagi sifatida, jahon adabiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan davlat sifatida munosib o‘ringa ega bo‘ldi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham mamlakatimizda milliy g‘oyani keng targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirishdan iboratdir. Tashkil etilgan kasbiy ma’rifat soatida ham ayni shu masalalar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlash joizki, ilm-ma’rifat, ma’naviyat yo’lini tutgan odam saodatga erishadi, hayotning mohiyatini anglab boradi. Adabiyot esa har bir xalqning o’tmishi, buguni va kelajagini bog’lovchi ta’sir kuchiga ega muhim vositadir. Unda har bitta millatning madaniyati, urf-odati, dunyoqarashi, ma’naviyati aks etadi. Demak, adabiyot yashasa millat yashaydi, uning sha’ni ulug’lanadi, qadriyatlari qadr topadi.