Paxtachilikda yangicha yondashuv: kam sarf — yuqori natija!
Bugun qishloq xo‘jaligining har qaysi tarmog‘i bo‘lmasin, barchasida islohotlar, ilm asosidagi yondashuvlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda paxtachilik yo‘nalishida ham so‘nggi paytlarda amalga oshirilgan ishlar bugun o‘z mevasini bermoqda.
“O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining Qashqadaryo viloyat filialida bo‘lib o‘tgan seminar ham mana shunday islohotlarning natijasi o‘laroq tashkil etildi. Viloyatning har bir tumanidan 50 dan ziyod fermer hamda mehanik-operatorlarni jamlagan ushbu seminarda, paxtachilikda yangicha texnologiyani qo’llash, shuningdek 4 qatorli Boshiran rusumli paxta terish mashinalarining 60 dan ziyodi bilan tanishish imkoniyatini yaratildi. Shuningdek seminarda Jamiyat Boshqaruv raisi N.Otajonov ham ishtirok etib, yig’ilganlarga texnikalar haqida ma’lumot berib o’tdi.
Eng asosiysi, dalada endi ishchilar o‘rnida texnologiyalar mehnat qilishmoqda. Seminarning birinchi qismida har bir tumandan kelgan fermerlar mahalliy hamda xorijiy mutaxassislardan ushbu texnologiya haqidagi barcha ma’lumotlarni olishdi. Aytish kerak, bu texnologiya orqali ham suv tejaladi, ham ishchi kuchiga bo‘lgan talab kamayadi, umuman olganda kam xarajat orqali yuqori rentabellikka erishiladi.