5 nafar faol talabaga “O‘zagrolizing” stipendiyasi topshirildi.
Hammamizga ma’lumki, respublikamiz qishloq xo‘jaligi korxonalarini zamonaviy va yuqori unumli texnikalar bilan ta’minlash vazifasi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining o‘zagini tashkil etadi.
Shu bilan birgalikda agrar soha modernizasiya qilish va rivojlantirish birinchi navbatda inson omiliga, xususan bu sohada o‘z ishining ustasi bo‘lgan yetuk kadrlarga bog‘liq.
Shundan kelib chiqqan holda, fan-ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlarini integrasiya qilish, agrar sohani mexanizasiyalashtirish yo‘nalishida salohiyatli kadrlar tayyorlash maqsadida “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati va “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muxandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida o‘zaro shartnoma imzolanib, uzviy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Mazkur hamkorlik doirasida universitet bitiruvchi kurs talabalarining diplom oldi amaliyotlarini “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati bosh ofisida va respublikaning barcha hududlarida joylashgan filiallarida o‘tashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berib kelinmoqda.
Gap shundaki, yuqorida qayd qilingan hamkorlik doirasida universitetning qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalashtirish yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yanada rag‘batlantirib borish mexanizmini takomillashtirish maqsadida “O‘zagrolizing” stipendiyasi joriy etilgan bo‘lib, har yili Universitet rahbariyati tomonidan stipendiyaga tavsiya etilgan talabalarga “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bazaviy stipendiya miqdorining 2 barobari miqdorida stipendiya to‘lab boriladi.
“Mening konstitusiyam 32 yoshda” hamda “Korrupsiya-taraqqiyot kushandasi” mavzulari doirasida tashkil etilgan tadbirda, ushbu stipendiya navbatdagi 5 nafar faol talabalarga topshirildi.
“O’zagrolizing” AJ jamoasi stipendiatlarga kelgusi o‘qish va ish faoliyatlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaydi.