Turkiya: hamkorlik istiqbollari ortmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-198-sonli qaroriga ko‘ra, Jamiyat faoliyatini diversifikatsiyalash, xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda muqobil energiya manbalaridan (quyosh, shamol, va yer qa’ri energiyasi) foydalaniladigan zamonaviy issiqxona komplekslari va shaharchalarini lizingga berish vazifasi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zagrolizing” AJ Boshqaruv raisi N.Otajonov, “Xalqaro moliya institutlari bilan ishlash” bo‘limi bosh mutaxassisi A.Abdukarimov, “Boshqaruv raisining maslahatchisi” M.Mirabdullayev hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha maslahatchi A.Petrovlardan iborat ishchi guruh Turkiya davlatida xizmat safarida bo‘ldi.
Safar davomida Turkiya davlatining Istanbul shaxrida bir necha yirik kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi, jumladan, GMK Energy kompaniyasining boshqaruv direktori Selchuk Ilikan bilan turli mavzularda muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv mobaynida, ushbu kompaniya 15-yildan buyon geotermal energiya bozorida geotermal elektr stansiyasi, markaziy isitish, issiqxona va termal mehmonxona va kurort investorlari uchun muhandislik, loyihalash, konsalting va muhandislik xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelishi ta’kidlandi hamda GMK Energy kompaniyasi bilan qurilishi rejalashtirilayotgan issiqxona uchun geotermal energiya orqali issiqxonani isitish xarajatlarini kamaytirish va samarali energiya ishlab chiqarish yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, muzokaralar “TOPRAQ” kompaniyasi rasmiylari bilan ham davom etdi. Unga ko‘ra, “TOPRAQ” kompaniyasi 2019-yilda tashkil etilgan etilganligi, kompaniya fermerlarga o‘z dalalarini, sug‘orishni, ekinlarni va foydani samarali boshqarish imkonini beruvchi aqlli raqamli xizmatlarni taqdim etish orqali qishloq xo‘jaligi sanoatida katta o‘zgarishni amalga oshirganligi aytib o‘tildi. Kompaniya turli ekinlar bo‘yicha fermerlarning o‘ziga xos talablariga javob beradigan maxsus yechimlarni yaratish orqali butun qishloq xo‘jaligi ekotizimini yaxshilashga ko‘mak ko‘rsatayotganligini inobatga olib, “O‘zagrolizing” AJ tomonidan barpo etiladigan issiqxona shaharchalarini avtomatlashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni(sun’iy intellekt) joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.