O’zbekiston va Italiya lizing sohasida hamkorlikni kengaytiradi.

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi va sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati va Italiyaning “Exetra. Export & Trading” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Mazkur uchrashuv doirasida “Oʻzagrolizing”’ aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi N.Otajonov Italiyaning “Exetra. Export & Trading” kompaniyasi Bosh direktori Luca Morgera hamda Biznes-Sotuv direktori Mauruzio Rombola bilan muloqot olib bordi. Muzokaralar davomida tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, lizing tizimini takomillashtirish va zamonaviy mexanizmlarni tatbiq etish boʻyicha fikr almashdilar.
“Exetra. Export & Trading” kompaniyasi xalqaro savdo va eksport bozorlarida oʻzini ishonchli hamkor sifatida namoyon etgan boʻlib, u turli kompaniyalarning global miqyosda kengayishiga koʻmaklashish, ularni xorijiy bozorga olib chiqish, xalqaro xaridorlar bilan bogʻlash hamda mahsulotlarni samarali va tezkor eksport qilish boʻyicha faoliyat olib boradi.
Uchrashuv chogʻida kompaniya vakillari Oʻzbekiston bozorining ulkan salohiyatini eʼtirof etib, Jamiyatimiz bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ymoqchi ekanligini bildirdi. Shu munosabat bilan, “Exetra. Export & Trading” kompaniyasi “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati bilan uzoq muddatli va strategik sheriklikni rivojlantirishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan, qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berish, ishlab chiqarish va eksport jarayonlarini optimallashtirish hamda tajriba almashish boʻyicha kelishuvlarga erishdilar. Ushbu hamkorlik istiqbolda Oʻzbekiston lizing sohasining yanada rivojlanishiga, xorijiy investitsiyalar hajmining oshishiga va ilgʻor texnologiyalarning keng joriy etilishiga xizmat qiladi.

Loading

//