Zoomlion Agricultural kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi N.Otajonov Xitoydagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Zoomlion Agricultural zavodining ishlab chiqarish bo‘yicha vitse-prezidenti Allen Djang boshchiligidagi delegatsiya hamda ushbu korxonaning rasmiy distribyutori hisoblangan “Oxus Machinery” MCHJ vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, zamonaviy texnikalarni mahalliylashtirish va moliyalashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Muzokaralar davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish va Zoomlion Agricultural brendi ostidagi qishloq xo‘jaligi texnikalarining ayrim turlarini mahalliy sharoitga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fermerlarning zamonaviy texnikalar bilan ta’minlanishini jadallashtirish maqsadida lizing asosida moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi. Uchrashuv davomida lizing tizimining samaradorligini oshirish, fermer xo‘jaliklariga qulay shartlarda texnikalarni yetkazib berish, uzoq muddatli hamkorlik asosida lizing xizmatlarini yanada rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Xususan, Zoomlion Agricultural kompaniyasining qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida taqdim etish va bu jarayonda moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda kelgusida ishlab chiqarish, moliyalashtirish va lizing yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Loading

//