“AGRO PRO EXPO–2026” xalqaro agrosanoat ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi.
Bugun Samarqand shahrida “AGRO PRO EXPO–2026” 5-xalqaro agrosanoat ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar sohasidagi yetakchi tadbirkorlar, mutaxassislar hamda investorlarni birlashtirgan nufuzli tadbir 3–5-mart kunlari davom etadi.
Keng ko‘lamli ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalari, agrokimyoviy mahsulotlar va issiqxonalar, urug‘ va ko‘chatlar, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar, texnikalar uchun ehtiyot qismlar, zamonaviy sug‘orish tizimlari hamda fermer xo‘jaliklari uchun avtomatlashtirish yechimlari namoyish etilmoqda.
Mazkur xalqaro maydonda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati ham faol ishtirok etmoqda. Jamiyat ko‘rgazma davomida o‘zining lizing xizmatlari va moliyaviy yechimlari bilan tashrif buyuruvchilarni yaqindan tanishtirish, yangi hamkorlik shartnomalarini imzolash hamda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni taqdim etishni rejalashtirgan.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha hududlari bilan bir qatorda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Turkiya, Eron hamda boshqa MDH va qo‘shni davlatlardan 100 dan ortiq yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulot va xizmatlari bilan qatnashmoqda.
“AGRO PRO EXPO–2026” qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar almashinuvi va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
![]()




