Ilm va mehnat uyg‘unligi: Amudaryoda mo‘l hosil uchun mustahkam zamin yaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanidagi g‘alla maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar va hosildorlik ko‘rsatkichlari o‘rganildi.

Ma’lum qilinishicha, tumanda 4 800 gektar maydonga mahalliy va xorijiy g‘alla navlari ekilgan bo‘lib, ekinlarni parvarishlash ishlari ilmiy tavsiyalar va belgilangan agrotexnik me’yorlar asosida amalga oshirilgan. Urug‘liklarni sifatli tayyorlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash hamda dala ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish natijasida ekinlarning rivojlanish holati yuqori baholanmoqda.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy mavsumda ayrim maydonlardan gektaridan 90–100 sentnergacha hosil olish kutilmoqda. Bu esa ilm-fan yutuqlarini amaliyotga samarali tatbiq etish, ilg‘or tajribalarni keng joriy etish va qishloq mehnatkashlarining fidokorona sa’y-harakatlari samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Hududda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga ham puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Don o‘rish kombaynlari va boshqa texnikalar mavsumga shay holatga keltirilib, hosilni qisqa muddatlarda hamda nobudgarchiliksiz yig‘ib olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash borasida “O‘zagrolizing” AJning hissasi ham alohida ahamiyatga ega. Jamiyat tomonidan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga yetkazib berilayotgan zamonaviy texnikalar agrotexnik tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishiga, hosildorlikni oshirishga hamda o‘rim-yig‘im jarayonlarini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Bugungi natijalar qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va samarali mexanizatsiya uyg‘unligining amaliy ifodasi bo‘lib, mo‘l hosil uchun mustahkam zamin yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.

Loading

//