Uchqo‘rg‘onda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga start berildi.
Uchqo‘rg‘on tumanida 2026 yil hosili uchun yetishtirilgan g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im ishlari rasman boshlandi. Dastlabki o‘rim ishlari “Ijodkor tex servis” MMTP hududidagi “Qayqi hamkor servis” fermer xo‘jaligi dalalarida amalga oshirildi.
Mavsumning boshlanishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, fermerlar va mehnat faxriylari ishtirok etib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida g‘allachilikning o‘rni, hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olishning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, dehqonlarning fidokorona mehnati e’tirof etilib, joriy mavsumning samarali va barakali o‘tishiga tilaklar bildirildi.
Joriy yilda tuman hududida jami 6 950 gektar maydonda yetishtirilgan boshoqli don hosilini qisqa muddatlarda va nobudgarchiliksiz yig‘ib olish maqsadida barcha zarur tashkiliy va texnik choralar ko‘rilgan. Xususan, o‘rim-yig‘im ishlarini samarali tashkil etish uchun 31 ta g‘alla o‘rim otryadi shakllantirilib, ular ixtiyoriga 31 ta zamonaviy kombayn hamda 160 ta don tashuvchi avtotransport vositasi biriktirilgan.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan texnikalarning uzluksiz ishlashi, ehtiyot qismlar va yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash, hosilni o‘z vaqtida tashish hamda qabul maskanlariga yetkazish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu esa o‘rim-yig‘im jarayonlarini yuqori sur’atlarda va sifatli amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, g‘allachilik mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorda don mahsulotlari barqarorligini saqlash hamda fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, Uchqo‘rg‘on tumanida ham joriy mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish va yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
![]()




