O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz, azizlarni – birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining barcha ishtirokchilarini mehmondo‘st O‘zbekiston diyorida samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

Bugungi anjumanimizda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari hamda jahonning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini, mamlakatimizning asosiy hamkorlari bo‘lgan davlatlarning yuqori darajadagi vakillarini ko‘rib turganimdan xursandman.

O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgan. Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misr kabi mamlakatlarda shakllangan sivilizatsiya va madaniyat namunalari aynan qadimgi Movarounnahr, hozirgi O‘zbekiston hududida uchrashib, bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Buning natijasida 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan.

Ushbu ko‘hna zamindan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, dunyoviy va diniy ilmlarning ulugʻ namoyandalari bugungi kunda ham butun insoniyatga xizmat qilayotgan noyob kashfiyot va bebaho asarlar yaratib, ularni jahon ahliga meros qilib qoldirganlar. Misol uchun, hozirgi davrda ham dolzarb bo‘lgan “karantin” tushunchasini Yevropada “Avitsenna” nomi bilan tanilgan ajdodimiz, buyuk shifokor Abu Ali ibn Sino bundan ming yil muqaddam birinchi bo‘lib amaliyotga joriy qilgani tarixdan yaxshi ma’lum.

Zamonaviy innovatsion va blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellekt negizini tashkil etuvchi algoritm atamasi yana bir ulug‘ ajdodimiz – Muhammad Xorazmiy nomi bilan bog‘liq ekanidan sizlar albatta xabardorsiz.

Mashhur davlat arbobi, ayni paytda buyuk astronom bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek esa XV asrdayoq Samarqandda rasadxona qurdirib, mingdan ortiq yulduzlarning eng to‘g‘ri koordinatlarini aniqlab, ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.

Yuksak tafakkur egasi bo‘lgan yana o‘nlab vatandoshlarimizning o‘tmishda fizika, geodeziya, kimyo, falsafa va tarix, me’morlik, tasviriy san’at, ilohiyot va boshqa yo‘nalishlarda yaratgan ilmiy kashfiyotlari hozirgi zamonda ham o‘z ahamiyati va qimmatini yo‘qotmasdan kelayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Nutqning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: 

https://president.uz/uz/lists/view/5077

Loading

//