Zamonaviy paxta terish mashinalari: Xorazmda seminar tashkil etildi
Xorazm viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida mexanizatsiyani rivojlantirish, paxta yetishtirish jarayonida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Tadbir zamonaviy paxta terish mashinalarining imkoniyatlari, ularning samaradorligi va amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha tajriba almashish maydoniga aylandi.
Seminarda “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ korxonasi mutaxassislari hamda “Lovol” kompaniyasi vakillari ishtirok etib, o‘z mahsulotlari va ilg‘or texnik yechimlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, tadbirda tuman hokimliklarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroinspeksiya xodimlari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari qatnashdi.
Tadbirning asosiy maqsadi Farg‘ona viloyatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan “SWAN 4MZ-4” rusumli zamonaviy paxta terish mashinalarining texnik va texnologik imkoniyatlarini Xorazm viloyati sharoitida keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida ushbu texnikaning asosiy texnik xususiyatlari, yuqori unumdorligi, paxta terish jarayonida inson mehnatini yengillashtirishdagi o‘rni hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishdagi ahamiyati yuzasidan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, paxta terish jarayonida texnikaning amaliy qo‘llanilishi, ekspluatatsiya jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha va asosli javoblar berildi. Seminar yakunida qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish, ularni hududlarda keng joriy etish, fermer xo‘jaliklari va klasterlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan muhim fikr va takliflar ilgari surildi.
Mazkur seminar Xorazm viloyatida paxta yetishtirishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, texnika va texnologiyalar orqali mehnat unumdorligini oshirish hamda sohani barqaror rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
![]()




