Jondor tumanida qishloq xo‘jaligi texnikalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Buxoro viloyatining Jondor tumanida “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. MCHJ QK” tomonidan fermer xo‘jaliklari va soha mutaxassislari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbir SWAN 4 MZ-4 rusumli paxta terish mashinalarini amaliyotga joriy etish hamda ularning texnik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishga bag‘ishlandi.
Seminarni Buxoro viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Askar Javodov ochib berib, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnikalarni joriy etish va ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashning ahamiyatini ta’kidladi.
Tadbir davomida “Fergana Swan” kompaniyasi loyiha tashabbuskori Baxtiyor Usmonov SWAN 4 MZ-4 rusumli mashinalarning yuqori unumdorligi, yoqilg‘i tejamkorligi va mahalliy sharoitga mosligi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, kompaniyaning Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha boshqaruvchisi Sui Guoping ushbu texnikalarni joriy etish va samarali ekspluatatsiya qilish masalalariga to‘xtaldi.
Bundan tashqari, “Lovol” korxonasining O‘zbekistondagi servis menejeri Murodbek Egamberdiyev texnikalarga servis xizmati va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash tizimi haqida axborot berdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar paxta terish mashinalarining ishlash jarayoni bilan amalda tanishib, soha bo‘yicha fikr almashdilar. Tadbir qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnikalarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
![]()




