Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-431-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida “TIAN YE PLASTIK” MChJ XK vakillari “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida ishchi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan, plyonka ostida aniq donalab ekish hamda tomchilatib sug‘orish tizimiga moslashtirilgan zamonaviy ekish agregatlarini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga joriy etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda mazkur texnikalardan samarali foydalanish, ularni hududlar kesimida klasterlar va fermer xo‘jaliklarining ehtiyojlaridan kelib chiqib taqsimlash, shuningdek, bahorgi ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yetkazib berish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, logistika bilan bog‘liq tashkiliy masalalar va ularni o‘z vaqtida hal etish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur muzokaralar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini zamonaviy va samarali texnika bilan ta’minlash, ekin maydonlarida ish unumdorligini oshirish hamda mexanizatsiya darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Tomonlar kelgusida ham hamkorlikni izchil davom ettirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, fermer va klasterlarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror qishloq xo‘jaligi rivojini ta’minlash yo‘lidagi faoliyatini davom ettirmoqda.
![]()




