Mavsum oldi masalalar markazda: fermerlar bilan jonli ochiq muloqot.

Bugun “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida Samarqand viloyati fermerlari, Jamiyat rahbariyati hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida “Fermerlar bilan amaliy hamkorlik va taraqqiyot yo‘nalishlari” mavzusida navbatdagi Ochiq muloqot Zoom platformasi orqali o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda lizing xizmatlaridan samarali foydalanish, amaldagi mexanizmlarni yanada takomillashtirish, jarayonlarda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari, shuningdek, fermerlarning dolzarb ehtiyoj va takliflari yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Jamiyat mutasaddilari tomonidan batafsil javoblar oldilar.
Shuningdek, mavsum oldi tayyorgarlik doirasida qo‘sh qator ekuvchi seyalkalardan foydalanish, ularning texnik imkoniyatlari, lizing shartlari hamda amaliy samaradorligi yuzasidan ko‘plab savollarga aniq va tushunarli javoblar berildi. Ushbu turdagi texnikalarning hosildorlikni oshirish va ekin ekish jarayonlarini optimallashtirishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.
Ochiq muloqot doirasida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda lizing tizimining o‘rni, texnika va uskunalardan foydalanish samaradorligini oshirish, hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Fermerlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va amaliy takliflar Jamiyat faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ochiq muloqot Jamiyatning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali jonli efirda uzatilib, fermerlar va soha vakillariga masofadan turib bevosita kuzatish hamda muhokamalarga faol qo‘shilish imkonini berdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — fermerlar va Jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni mustahkamlash, ochiq va shaffof hamkorlik muhitini yaratish, muammolarni birgalikda muhokama qilish orqali samarali yechimlarni ishlab chiqish hamda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat.

Loading

//