“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi.
Yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish hamda atrof-muhitni asrab-avaylash maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida joylarda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur ezgu tashabbusga munosib hissa qo‘shish maqsadida “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining Namangan viloyat filiali tomonidan ham qator amaliy ishlar tashkil etildi. Xususan, filialning ofis binosi atrofi hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 56 dona manzarali ko‘chatlar ekildi.
Ko‘chat ekish jarayonida filial xodimlari faol ishtirok etib, hududni yanada ko‘rkam va obod maskanga aylantirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ekilgan manzarali daraxtlar kelgusida nafaqat hududning estetik qiyofasini yanada yaxshilaydi, balki havoni tozalash, ekologik muhitni sog‘lomlashtirish hamda yashil hududlar salmog‘ini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ushbu tadbir orqali jamoa o‘rtasida tabiatga mehr va e’tibor, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yashil maydonlarni asrab-avaylash kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yozayotgan “Yashil makon” umummilliy dasturi kelajak avlod uchun yanada musaffo va sog‘lom ekologik muhit yaratish, shahar va qishloqlarimizni yashil hududlarga boy maskanga aylantirishga xizmat qilmoqda.
![]()




