O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoyning YTO Group Corporation kompaniyasi vakillari bilan muhim uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Xususan, muzokaralar jarayonida qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy va yuqori samarador texnikalarni mamlakatimizga olib kirish hamda ularni mahalliy sharoitga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, texnikalarni birgalikda yetkazib berish, servis xizmatlarini rivojlantirish, ehtiyot qismlar ta’minotini yaxshilash hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ham aniq takliflar ilgari surildi.
Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilishda innovatsion yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdilar. YTO Group kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va boy tajribasi asosida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni izchil davom ettirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligi sohasida barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
![]()




