Zamonaviy texnika va innovatsion uskunalar keng joriy etilmoqda.
Qoraqalpog’iston Respublikasining Qorao‘zak tumanidagi “Baltamurod klaster” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, suv va boshqa resurslardan oqilona foydalanish hamda mehnat unumdorligini yuksaltirish maqsadida zamonaviy texnika va innovatsion uskunalar keng joriy etilmoqda.
Xususan, yerga ishlov berish jarayonlarini optimallashtirish, ish tezligini oshirish, shuningdek yoqilg‘i va vaqt sarfini kamaytirish uchun yangi avlod haydov traktorlari hamda agregatlar olib kelinib, amaliyotga tatbiq etildi. Shu bilan birga, dalalarni aniq tekislash orqali sug‘orish suvining bir tekis taqsimlanishini ta’minlash va suv isrofini qisqartirish maqsadida lazerli tekislash texnologiyasi qo‘llanilmoqda.
Paxta yetishtirishda esa chigitlarni bir xil chuqurlik va belgilangan masofada ekishni ta’minlaydigan zamonaviy Xitoy paxta seyalkalari foydalanishga topshirildi. Bu esa nihollarning bir tekis unib chiqishi va hosildorlikning oshishiga xizmat qilmoqda.
Qorao‘zak tumani hokimi A. Baymuratov fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, joriy etilgan texnika va texnologiyalar, shuningdek xo‘jalikning istiqboldagi rivojlanish rejalari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur innovatsion yondashuvlar natijasida ishlab chiqarish samaradorligi ortib, kam xarajat evaziga yuqori hosildorlikka erishish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
![]()




