Surxondaryo: ilm va amaliyot uyg‘unligi — hosildorlik va samaradorlikning muhim omili.
Surxondaryo viloyatida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Hududlarda ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish orqali yuqori hosildorlikka erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
Jumladan, Termiz tumanidagi “Qoraxon yangi ariq” fermer xo‘jaligining 6 gektarlik dala maydonida olib borilayotgan ishlar buning yaqqol misolidir. Xususan, yer maydonining 3 gektar qismida an’anaviy oq plyonka ostida, qolgan hududida esa qizil plyonka ostida “Shinjon” usulida chigit ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu yondashuv orqali turli texnologiyalarning tuproq namligi, harorat rejimi va nihol chiqishiga ta’siri amaliy jihatdan baholanmoqda.
Ekish jarayonlari to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, suv resurslaridan samarali foydalanish, namlikni me’yorida saqlash va o‘simlikning vegetatsiya davrida optimal sharoit yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, 76×10 sxema asosida amalga oshirilayotgan ekish tizimi o‘simliklar orasidagi masofani optimal darajada ta’minlab, hosildorlik ko‘rsatkichlarini oshirishga zamin yaratadi.
![]()




