Nukus tumanida bahorgi dala ishlari qizg‘in pallaga kirdi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining Nukus tumanida bahorgi dala ishlari qizg‘in pallaga kirib, chigit ekish jarayonlari jadallik bilan davom etmoqda. Tumanning ilg‘or fermer xo‘jaliklaridan biri — “Tolbay basliq” fermer xo‘jaligida ham 2026-yil hosili uchun chigit ekish ishlari puxta reja va aniq tashkiliy yondashuv asosida olib borilmoqda.
Mazkur xo‘jalikda joriy yilda 40 gektar maydonga Shinjon usulida, ya’ni plyonka ostiga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ekish ishlari to‘liq safarbarlik asosida boshlab yuborilgan. Jarayonda zamonaviy seyalkalar va texnikalardan samarali foydalanilayotgani ishlar sifatini yanada oshirmoqda. Mutaxassislar tomonidan har bir agrotexnik talabga qat’iy rioya etilishi nazoratga olingan.
Shinjon usulida ekishning afzalliklari beqiyos. Ushbu texnologiya tuproqdagi namlikni uzoq muddat saqlab turadi, urug‘larning qisqa muddatda va bir tekis unib chiqishini ta’minlaydi. Eng muhimi, bu usul hosildorlikni oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va begona o‘tlar sonini kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, fermer xo‘jaligida 2026-yil hosili uchun 10 gektar maydonga g‘alla ekilib, parvarish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Umuman olganda, Nukus tumanida qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish bo‘yicha belgilangan rejalar izchil bajarilmoqda. Joriy yilda tumanda jami 5500 gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lsa, 1700 gektar maydonga paxta ekish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ushbu rejalarning amaliy ijrosi ta’minlanib, barcha hududlarda bahorgi dala ishlari yuqori sur’atda olib borilmoqda.
Fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga alohida e’tibor qaratilayotgani kelgusida mo‘l va barakali hosil olish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Batafsil videolavhada.

Loading

//