Kombaynlar mavsumga tayyormi?
Dalalarda parvarish qilinayotgan g‘alla ekinlari kun sayin rivojlanib, yaqinlashib kelayotgan hosil yig‘im-terimi mavsumidan darak bermoqda.
Bu esa o‘rim kombaynlarini oldindan puxta tayyorlash, texnikalarning uzluksiz va samarali ishlashini ta’minlashni dolzarb vazifaga aylantiradi.
Shu maqsadda hududlarda mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalarining texnik holati atroflicha ko‘rib chiqilmoqda. MMTPlar va fermer xo‘jaliklari tomonidan har bir kombayn bosqichma-bosqich texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilmoqda.
Ehtiyot qismlar zaxirasini shakllantirish, mexanizatorlar malakasini oshirish hamda texnikalardan samarali foydalanish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatining Norin tumanida ham o‘rim mavsumiga tayyorgarlik ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi. Xususan, mavjud don o‘rish kombaynlari mukammal ta’mirdan chiqarilib, 2026-yilgi g‘alla o‘rimi mavsumiga to‘liq shay holatga keltirildi. Texnikalarning ishga tayyorligi sinovdan o‘tkazilib, ularning barqaror ishlashi ta’minlandi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida ham 85 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4526 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilinib, ushbu maydonlarda yetishtirilayotgan hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Hududlarda amalga oshirilayotgan bunday tizimli va puxta yondashuvlar hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish, o‘rim jarayonlarini qisqa muddatlarda yakunlash hamda yuqori samaradorlikka erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
![]()




