Amudaryo tumanida chigit ekish ishlari ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va fermer xo‘jaliklari daromadlarini oshirish maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasining Amudaryo tumanida joriy yilgi paxta hosili uchun chigit ekish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Jarayon ilg‘or agrotexnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda tashkil etilib, hududda suv va resurslarni tejovchi, yuqori hosildorlikni ta’minlovchi zamonaviy usullar keng qo‘llanilmoqda.
Tumandagi 335 ta fermer xo‘jaligi tomonidan jami 13 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Shundan 6 230 gektar maydonga jahon bozorida raqobatbardosh, yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari joylashtirilmoqda, 6 770 gektar yer maydoni esa hudud iqlimiga mos, sinovdan o‘tgan mahalliy navlar uchun ajratilgan.
Mavsum oldidan barcha qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘liq tayyor holatga keltirildi. Ayni paytda dalalarda 150 ta seyalka uzluksiz faoliyat yuritmoqda. Ularning 34 tasi ko‘p funksiyali Shinjon usulidagi zamonaviy agregatlar, 78 tasi esa modernizatsiya qilingan texnikalardan iborat.
Xususan, “Shirin buloq” va “Ermanov O‘razboy” fermer xo‘jaliklarida chigit ekish ishlari inson omilini minimallashtirgan holda, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlariga ega zamonaviy texnikalar yordamida yuqori aniqlikda amalga oshirilmoqda.
Mazkur yondashuv paxta yetishtirishda sifat va samaradorlikni oshirish, agrotexnik muddatlarga to‘liq rioya etish hamda kelgusida mo‘l hosil yetishtirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
![]()




