“O‘zagrolizing” AJ: korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish — ustuvor vazifa.
Bugun “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda davlat xizmatchilarining odob-axloq me’yorlariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan muhim seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Jamiyat boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi N.Kerimbayevna, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mas’ul xodimi, adliya maslahatchisi E.Xudoyorovich ishtirok etdi. Seminar jarayoniga jamiyatning hududiy filiallari xodimlari ham Zoom platformasi orqali ulanib, faol qatnashdilar.
Tadbirni ochib bergan Jamiyat boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi bugungi kunda har bir tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
— “Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat nazorat yoki jazolash bilan cheklanmaydi. Eng muhimi — xodimlarda halollik, mas’uliyat va shaffoflik madaniyatini shakllantirishdir. Har bir rahbar va xodim o‘z faoliyatida qonun ustuvorligini bosh mezon qilib olishi lozim”.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro va milliy normativ-huquqiy asoslar, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, ishtirokchilarga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning turlari, ularning kelib chiqish omillari hamda huquqiy oqibatlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishi, xizmat faoliyatida xolislik va beg‘arazlik tamoyillariga amal qilishi lozimligi alohida qayd etildi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki: davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanmagan holatlarning 30–40 foizi keyinchalik korrupsion xavfga aylanishi mumkin, tashkilotlarda raqamlashtirish darajasi oshirilganda korrupsion holatlar 20–25 foizgacha kamayadi, ochiq va shaffof tanlov (tender) tizimlari joriy etilganda moliyaviy yo‘qotishlar 15–20 foizga qisqaradi.
Seminarning muhim qismi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning tashkiliy-huquqiy asoslariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar, bunday vaziyatlarni aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari, shuningdek bu boradagi qonunchilik talablari haqida amaliy misollar asosida tushuntirishlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili N.Masharipova esa sovg‘alar olish va berish tartibi, xizmat faoliyatida manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, shubhali holatlar haqida o‘z vaqtida xabar berish masalalariga alohida to‘xtaldi.
— “Shaffoflik — bu tashkilotning obro‘si va barqaror rivojlanishining asosi. Har bir xodim o‘zining kundalik faoliyatida halollik tamoyiliga qat’iy amal qilishi zarur,”
Mazkur tadbir “O‘zagrolizing” AJda ochiqlik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash, xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
![]()




