Sog‘lom muhit va oilaviy qadriyatlar — barqaror jamoa asosidir.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida “Sog‘lom ma’naviy muhit – jamoa boyligi, ma’naviyat esa oiladan boshlanadi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda Jamiyat rahbariyati, markaziy apparat hamda hududiy filial xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda Jamiyat Boshqaruv raisining o‘rinbosari A.Nasirdinov so‘zga chiqib, har qanday tashkilot faoliyatida sog‘lom ma’naviy muhit, o‘zaro hurmat va jamoaviy hamjihatlik muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, mehnat jamoasida samaradorlikni oshirish, korporativ madaniyatni yuksaltirish hamda xodimlar o‘rtasida ijobiy muhitni shakllantirishda oilaviy qadriyatlarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, shoira Ahrorova Shahlo O‘rinboyevna ishtirok etib, ma’naviyat, oila instituti, milliy qadriyatlar va jamiyat taraqqiyoti o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haqida atroflicha fikr bildirdi. Ma’ruzachi tomonidan oiladagi sog‘lom muhit inson kamoloti, jamoadagi munosabatlar hamda umumiy ijtimoiy barqarorlikning muhim omili ekani hayotiy misollar asosida keng yoritib berildi.
Seminar-trening davomida xodimlar bilan qiziqarli interaktiv o‘yinlar va psixologik mashg‘ulotlar tashkil etilib, ular orqali jamoada o‘zaro ishonch, hamkorlik, ijobiy muloqot va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga oid tushunchalar berildi. Ishtirokchilar faol muloqot va savol-javoblar orqali tadbirda faol qatnashdi.
Shuningdek, seminar davomida ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyat kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tadbir “O‘zagrolizing” AJda xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, jamoada sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.
![]()




